Halima Xudoyberdiyeva she’rlari

YURAGIMDA BARGLAR SHIVIRI

O’z dunyom ichida bog’larni yaratdim.
So’lib bitdilar.077
Tafakkur kuchidan tog’larni yaratdim.
Nurab ketdilar.
Bog’larim o’rnida xazonlar, supurdim,
Barg, xazon.
Tog’larim o’rnida tepalar, jim turdim.
Dilda qon.
Kuydim men, ammo kul bo’lmadim, qaytalab
Tuproqqa to’kdim men, manglay ter, dil qonim.
Maysa, ko’k maysalar unda zap,
O, jonim!
Qiynading deysanmi, to’g’ri-ku,
O’ylasang menda ham gunox yo’q,
Shu kichik yuragim bo’lsa quv,
Yashasak beg’alva, ko’ngil to’q.
Begona tashvishu jabrga,
Uyquda o’tsa ham umr bir kun
Ketmoq shart so’nggi uy-qabrga.
Shunday, ha, mahkam bo’l, sen jonim.
Yelkaga
Hali ko’p yuklarni yuklarmiz,
Ko’p xazon bog’larni tiklarmiz,
Ko’tara olmasmiz yukni goh,
Va yoki tuyg’umda qular tog’.
Shunda yana yangidan
Tafakkurda tog’lar yaratishimiz,
So’lgan bog’lar o’rnida yashil-yashil,
Daraxtlari shovullab turgan bog’lar yaratishimiz kerak,
O, mening qattiq jonim!
Ishonamanki,
Sen chidab berasan bu talablarga jim.
Yuragimda barglar shivirlayotganga o’xshaydi,
Demak,
Yaratilajak bezavol bog’larimning
Ilk nihollari kurtak yozayapti,
Bog’lar gurkirab qad ko’tarayapti yuragimda,
Barglari yashil-yashil bog’lar…

1967

DORILAMON KUNLAR KELDI...

Onaginam!
Dorilamon kunlar kuldi, shafakdari ol,
Qayon boqsang, shaylanishlar va sozlashlar tor.
Olcha gulin ko’zlaringga surtasan behol:
«Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor».
So’lg’in-so’lg’in lablaringdan ucharkan shu so’z,
Otaginam xayolimda rostlay boshlar qad.
Dorilamon kunlarga qayt, onam, yumib ko’z,
O’ksik dilda boshlanmasin desang qiyomat.
Bu tabiat suyumlidir ham ko’zlari ko’r,
Goh sharobdan, goh og’udan qilar bizni mast.
Belginangga tirgak bo’lay, onajonim, tur,
Dorilamon quyoshga boq, unga qasdma-qasd.
Yuzing ardoqli quyoshday issiq va mahvash.
Ko’zlaringda umid yonar tikilgan oni,
Qorli kunlar bilan ketsin dilingdagi g’ash,
Qizg’ish, lola rang qoplaydir bu kun dunyoni.
Bu dunyoning qir-darasin xosiyati mo’l,
Yerni yalang oyoq bossang yayraydi taning.
Yashamoq — bir tansiq taom, unga ursang qo’l,
Borgan sari ochiladir ishtahang saning.
Bog’lardagi yetilgusi har mevali shox,
Rizqdir bizga, rizqqa doim dil ilinjliqdir.
O’g’lonlaring kelar, ana, ochishib quchoq,
O’g’lonlaring meva qadar bir shirinlikdir.
Onaginam!
O’zing tortma davralardan, el chorlaganda,
«Tiriklikning bayrami», deb sozlanganda tor.
O’zing so’lg’in lablar bilan pichirlaganday:
«Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor».

1967

* * *

Siz topmishim, yo’qotmishimmas,
Sor lochinim, ojiz qushimmas.
Siz dunyoda rost deb tutganim —
Tutolmagan yolg’on tushimmas.

Sizga fido bo’lmoq istayman,
Siz deb ado bo’lmoq istayman.
Asta-asta yo’qotmay Sizni,
Birdan judo bo’lmoq istayman.

Tarang tortmoqda simlar, ayting, —
Xayollarga tolsinlar, ayting.
Siz — jon, olsa jonim qiynamay,
Birdaniga olsinlar, ayting.
Siz topmishim, yo’qotmishimmas…

1967

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan